BOLAJON PARVARISHI
7.34K subscribers
369 photos
137 videos
5 files
303 links
Bolalar parvarishi va tarbiyasi haqida qimmatli ma'lumotlar berib boramiz!

Bolalar shifokori: @pediatric_uz

Reklama uchun: 👉 @Tibbiy_reklama1
Download Telegram
Channel created
👶Chaqaloq parvarishida nimalarga e’tibor qaratish kerak?

Kindik tushishi

Kindik qoldig‘i odatda tug‘ruqdan so‘ng 4-5 kun ichida tushib, ba’zi vaqtlarda 8-10 kunlarga ham cho‘zilishi mumkin. Agar kindik sohasida namlik bo‘lsa, 70 foizli spirt eritmasi tomizilib, sterillangan bint yordamida artiladi. Ayrim vaqtlarda chaqaloqning muntazam bezovta bo‘lib, yig‘lashi sababli ham kindikda shish kuzatiladi. Bordiyu chaqaloqning kindigi qoldig‘i 15 kun ichida ham ko‘chib tushmasa yoki soha atrofida qizarish, yallig‘lanishga o‘xshash belgilar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat eting.

Liqildoq

Yangi tug‘ilgan chaqaloqning bosh aylanasi me’yorda 34-36 santimetrni tashkil etib, hayotining ikkinchi oyida 36-37 santimetratrofida bo‘ladi. Bir yoshga qadar esa bu ko‘rsatkich 46 santimetrga yetadi. Liqildoq chaqaloq boshining tepa qismidagi qotmagan soha, miya ustidagi qalin himoya qavati bo‘lib, me’yoriy holatda chillali chaqaloqlar uchun 26-28 mm, ikkinchi oydan boshlab 22-25 mmatrofida bo‘lib, bir yoshgacha 8-10 mm.gacha kichrayib boradi. Bola boshidagi liqildoq taranglashib, shishgan bo‘lsa va u bezovtalansa, bosh miya bosimining oshgani taxmin qilinadi. Bu holatda albatta shifokor bilan maslahatlashish zarur.

Tana vaznining o‘zgarishi

Yangi tug‘ilgan chaqaloq hayotining birinchi 4 kuni davomida 10% (200-300 gr atrofida) vazn yo‘qotishi normal holat hisoblanib, organizmning moslashuv jarayoni hisobiga amalga oshadi. Bola hayotining 6-8-kunlariga kelib, tana vaznini asta-sekin tiklab boradi.

Emizish vaqti

Shifokorlar bolani har 1-1,5 soat oralig‘ida emizishni tavsiya etishadi. Bu vaqt oralig‘ining ona suti sifatiga ham ta’siri bo‘lib, bola uchun kerakli ozuqa to‘planadi. Emizishdan avval ko‘krak so‘rg‘ichlarini tozalab, so‘ngra bola og‘zig‘a tutqazish kerak. Agar emizgandan keyin go‘dak ko‘krakni qo‘yib yuborishni xohlamasa, tortib olmang. Burnini biroz qissangiz, og‘zini ochadi. Ona suti sifatli bo‘lishi uchun ayol taomnomasida foydali vitaminlarga boy mahsulotlar bo‘lishi kerak.

Qachon cho‘miltiriladi?

Chaqaloq kindigi hali tushmagan bo‘lsa, cho‘miltirishni biroz keyinga qoldirish darkor. Bu holatda chaqaloqning badanini iliq suvga shimdirilgan nam paxta bilan tozalash kifoya. Kindigi to‘liq tushgach esa 37-37,5 darajali iliq suvda cho‘miltirish mumkin. Bola terisida turli toshmalar toshishining oldini olish uchun suvga moychechak damlamasidan ozroq qo‘shish tavsiya etiladi. Sovuq kunlarda chaqaloqni 2-3 kunda bir marta 8-10 daqiqa davomida cho‘miltiriladi. Suvli muolajalardan so‘ng terisiga turli yog‘lar surtmang. Chunki tayyor yog‘lar teriga turlicha ta’sir etishi mumkin.

Uyqu vaqti

Chillali chaqaloq bir kunda 4-5 martagacha uxlashi mumkin. Bu uyqu vaqtlari avvaliga uzoqroq davom etib, so‘ng asta-sekin kamayib boradi. Bolaning tungi uyqusi osuda o‘tishi uchun uni kechga yaqin cho‘miltirish tavsiya etiladi. Bordiyu go‘dak uyqusida tartibsizlik yuzaga kelsa, kun boshidan emizish va uxlatish tartibini nazorat qiling.

Qayt qilishi nimadan?

Bola emib bo‘lgach, uni chayqatish, qorni bilan yotqizish mumkin emas. Tik ko‘targan holda biroz ushlab turing. Agar emizishdan so‘ng ozroq qayt qilsa, bu xavfli emas. Bola oshqozoniga ortiqcha bo‘lganini shu tariqa chiqarib tashlaydi. Chaqaloqlarda hazm qilish faoliyati hali yaxshi rivojlanmagani bois emib bo‘lgach, qayt qilishi mumkin. Biroq tez-tez va emizish vaqtidan tashqari ham qayt qilsa, shifokorga ko‘rsating.

Nega tez-tez aksiradi?

Chaqaloqlar kuniga 3-4 martagacha aksirishi mumkin. Bu jarayon bola organizmi uchun normal holat bo‘lib, ortiqcha tashvishga asos emas. Ammo aksirish burundan shilimshiq suyuqlik kelishi bilan bo‘lsa, shamollash taxmin qilinib, bolalar shifokoriga ko‘rsatish lozim.

Yo‘rgaklash mumkinmi?

Shifokorlari chaqaloqni oyoq-qo‘llarini qattiq bog‘lab yo‘rgaklashni tavsiya etishmaydi. uyquga yotqizishda zichlab yo‘rgaklangan bolada qon aylanishi buzilishi mumkin. oyoqlarini zichlab yo‘rgaklash tos-son suyaklari rivojiga ta’sir etadi.

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi
Ona suti va emizish haqida

Go‘dak uchun eng muhim ozuqa bu ona sutidir. Ona suti bolaning sog‘lom, hech bir kasalliklarga chalinmay, tez va nuqsonlarsiz rivojlanishini ta’minlovchi ozuqadir. Ona suti tarkibida bolalar uchun muhim bo‘lgan oqsil(albumin, globulin), yog‘, uglevodlar, vitaminlar(A, C, D, E, B1, B12, B6) hamda bolani kasalliklardan himoyalovchi antitelolar juda ko‘p. Ayrim ayollarimiz turli bahonalarni ro‘kach qilib, bolasini emizishni istashmaydi va turli xil sigir yoki echki sutidan berishadi. Bu holatning eng afsuslanarli tomoni shundaki, ayol birgina xatosi bilan ikki kishining, bolasi va o‘zining salomatligiga ziyon yetqazadi. Ya’ni, birinchi navbatda bola ona sutini iste’mol qilmagani uchun u nozik hamda kasalliklarga, ayniqsa yuqumli kasalliklarga tez chalinuvchan bo‘ladi. Ona bolasini emizmasligi oqibatida ko‘krak bezi saratonini orttirib olishi mumkin! Shu sababdan ham bolani emizmaslik uchun asossiz bahonalarni qilib, emizmaslik yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Lekin, shu o‘rinda ona bolani emizmsaligi uchun asos bo‘ladigan holatlarni ham sanab o‘tishni lozim topdik.

Miyada qon aylanishi buzilganda;
Eritrotsotlar tarkibidagi antigenlar mos bo‘lmagani oqibatida yuzaga kelgan gemolitik kasallikda;
Bola chala tug‘ilib, unda yutish va so‘rish reflekslari bo‘lmaganda;
Respirator buzilishlarning og‘ir shakllarida bolani emizish umuman mumkin emas!
Onaning quyidagi kasalliklarida emizish tavsiya etilmaydi:
Buyrak yetishmovchiligida;
Tug‘ma yoki orttirilgan yurak parogida;
Endokardit va miokarditda;
Bazedov kasalligida;
Xavfli o‘smalarda;
O‘tkir ruhiy kasalliklarda.
Onada silning aktiv shakllari bo‘lganda bola emizish mumkin emas. Bola 1,5-2 oy onadan uzoqlashtiriladi hamda bu vaqtda bola emlanib silga qarshi immunitet hosil qilinadi. Emizish onadan sog‘ib olingan sut bilan davom ettiriladi. Bunda tashqari, ona emizikli davrda gripp, o‘pka shamollashi, qizamiq, qizilcha, kuydirgi, qoqshol, terlama kabi kasalliklar bilan kasallanib qolsa, quyidagi maxsus choralar ko‘riladi.

Gripp, o‘pka shamollaganda – ona og‘ziga niqob taqqan holatda emizish mumkin. Emizishdan so‘ng bola onadan alohida xonaga o‘tqaziladi;
Qizamiq, qizilcha bo‘lganda – emizishni davom ettirish mumkin. Lekin, bir vaqtning o‘zida bolaga pediatr nazorati ostida gamma-globulin kiritiladi;
Kuydirgi, qoqsholda emizish butkul to‘xtatiladi va boshqa ayol sutidan foydalaniladi;
Toshmali va qaytalama terlamaning og‘ir holatida ko‘krak bilan emizish vaqtinchalik to‘xtatiladi. Yengil hollarda esa sog‘ibqaynatilgan sut bilan emizish davom ettiriladi.

❗️Yuqorida sanab o‘tilgan holatlar ayolda kuzatilganda tegishli choralar ko‘rilishi zarur. Bu holatlar kuzatilganda nafaqat o‘zingizni, balki bolangiz salomatligi uchun ham shifokor (Pediatr, oilaviy shifokor) nazorati ostida bo‘lishingiz lozim.

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi
Chaqaloqning burnini tozalash

Chaqaloqning burni bilan nafas olishda qiynalishini shamollash bilan adashtirmaslik muhim!

📌Bolangizni qorniga yotqizib, boshini asta yon tomonga qarating. Bunday holatda bola yaxshiroq nafas oladil chunki bu holat bola nafas yo'llarida yig'ilib qolgan so'lakni chiqarib tashlashga yoki tili nafas yo'llariga to'sqinlik qilishidan asraydi.

📌Bola uxlaydigan xonani iloji boricha chang va pardan xoli qiling. Xonadan chang yig'adigan narsalarni olib chiqing, ya'ni yumshoq o'yinchoqlar, parli yostiqlar. Agar bola burni yaxshi nafas olsa o'yinchoqlar qolaverishi mumkin.

📌Bolani nafas yo'liga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi hidlardan yiroqda ushlang. Sigaret tutuni, kraska hidi, mashina chiqindi gazlar hidi, atir va boshqa parfyumeriya buyumlari nafas olishga to'sqinlik ko'rsatishi mumkin. Bola bor uyda chekilmasligi lozim.

📌Bolani burni bitib qolganda, bola emishga qiynalsa sho'r suvdan (1 litr qaynatib ilitilgan suvga 2 choy qoshiq tuz) foydalanib burnini tozalang. Buning uchun bolani vertikal ushlab burniga 1-2 tomchi sho'r suvdan (Natriy Clorid) quyib yoki tuzli suvlik spreydan 1 marta sepib bolani bir daqiqaga boshini tanadan pastroq bo'lgan holatda ushlab turing. Burun ichidagi suyuqlik yumshatiladi. Agar suyuqlik o'zi chiqishi uchun juda ko'p yoki quyuq bo'lsa, u holda aspirator (suyuqlikni so'rib oluvchi vosita) dan foydalaning. Sho'r suvdan yumshagan suyuqlikni burnini boshidan ichkariga tiqmay turib aspirator bilan tortib oling.

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi
Bolalar tish tozalashni necha yoshdan boshlashi kerak?

Ota-onalar 3 yoshdan boshlab tish cho‘tkasi va pastasidan qanday foydalanishni o‘rgatishlari mumkin. Bu yoshda bola ota-ona yordamida bilan tozalashni boshlaydi. 7 yoshdan boshlab esa nerv-muskul tizimi to‘liq rivojlangach, o‘zlari mustaqil tozalashlari mumkin.
Bu davr sut tishlari doimiy tishlar bilan almashinishni boshlagan davr bo‘lib, ko‘proq e’tiborni talab qiladi.

© Doctor Muxtorov

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi
Sabzi va kabachkidan pyure - 6 oylikdan oshgan bolalar uchun
#taomnoma

Mahsulotlar:
•120 g sabzi
•150 g kabachki
•1 choy qoshiq o‘simlik yog‘i

Tayyorlanishi:
Sabzavotlar mayda kub ko‘rinishida kesiladi va bug‘da tayyorlanadi. Pyuresimon holatga kelguncha eziladi va o‘simlik moyi qo‘shib, aralashtiriladi.

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi
Bolaning terisi

Bolaning terisi kattalarnikidan farq qiladi, shuning uchun bolaning terisiga alohida ahamiyat berish lozim.

Birinchidan, bolada ter chiqaruvchi bezlar rivojlanmagan bo'ladi. Shuning uchun bola badanidan issiqlikni ter orqali emas, o'pkasi orqali chiqaradi. Quruq yoki issiq havo o'pka orqali badan issiqligini chiqarishga to'sqinlik qiladi va bolaning hali yaxshi rivojlanmagan ter bezlariga og'irilik tushib, bola terisiga ziyon yetadi.

Ikkinchidan, bola terisining eng yuqori qismi kattalarnikiga nisbatan ingichka bo'ladi. Shuning uchun arzimagan kimyoviy yoki mexanik ziyon bola terisiga qattiq ta'sir ko'rsatishi mumkin.

Uchinchidan, bola terisi yog'lar (lipidlar)ga boy bo'ladi. Bu yog'lar kattalar uchun zararsiz bo'lgan moddalarni (kimyoviy poroshok, siydik, kal) bola terisida tez parchalab yallig'lanish oson hosil bo'lishiga olib keladi.

Bola terisining do'stlari:

1. Harorati 20 gradus atrofida, va namlik darajasi 50-70% bo'lgan xona;
2. Sifatli paxta tolasidan qilingan kiyim;
3. Yalong'och bo'lish - bola terisini toza havo bilan kontakt qildirish lozim;
4. Nam gigienik salfetkalar;

Bola terisining dushmanlari:

1. Quruq va issiq havo;
2. Siydik va najas;
3. Teri bilan munosabatda bo'lgan kimyoviy moddalar (kir yuvish vositalari, xlorli suv, sintetik kiyim, sifatsiz parvarish anjomlari);
4. Bola terisi uchun mo'ljallanmagan sovun;
5. Mexanik ziyon keltiruvchi omillar: kiyimga ishqalanish, gilamda emaklash, gigiyenaga rioya qilmaslik.

Krem, losyon, yog'larga kelsak, bu moddalarni ehtiyoj bo'lsagina ishlatish lozim, ya'ni qish kuni ko'chaga chiqmoqchi bo'lsangiz, albatta quruqdan saqlovchi maxsus kremni bola terisi ochiq qolgan joylariga surtib qo'ygan ma'qul. Bolaning terisi siydik va najas bilan doimiy kontaktda bo'lgan joylarni ham maxsus vositalar bilan parvarish qilish lozim.
Lekin ehtiyoj bo'lmaganda turli xil krem va losyonlardan foydalanish kerak emas. Yangi tug'ilgan chaqaloqni cho'miltirib bo'lgach oddiy sterillangan o'simlik(zaytun) yog'i bilan parvarish qilsa, yetarli bo'ladi.

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi
6-9 oylikkacha bo‘lgan bolalarga qo‘shimcha ovqat berish

Birinchi marta qo‘shimcha ovqatni kunning birinchi yarmida, bola injiqlik qilmagan va kasal bo‘lmagan paytda berish kerak.

Qo‘shimcha ovqat berish tartibi

📌Davriyligi: 6-9 oylikda kuniga 2 marta qo‘shimcha ovqat beriladi.
📌Miqdori: har safar 2-3 osh qoshiq ovqat beriladi, 7-10 kunda 2 barobar ko‘paytiriladi.
📌Quyuqligi: ovqat quyuq bo‘lsa, bolaga yedirish uchun qulay bo‘ladi. Bola 8 oyga kelib, qo‘li bilan yeyish mumkin ovqatlarni berish mumkin.
📌Xilma-xilligi: bo‘tqa(guruch yoki grechka), sabzavot pyuresi (kartoshka, sabzi, kobachki), mevalar(olma, banan).

Kerakli tavsiyalar
▪️Sabrli bo‘ling! Bola o‘rganishi uchun vaqt kerak.
▪️Rag‘batlantirish va “o‘yin” sifatida ovqatlantiring.
▪️Bolani ovqat yeyishga zo‘rlamang.
▪️Alohida idishdan foydalaning. Qancha ovqat yeganini bilishingiz uchun.

© Doctor Muxtorov

Kanalga ulanish👉
@Bolajon_parvarishi
😴Bolaga kunduzgi uyqu kerakmi?

Kunduzgi uyqu — to‘g‘ri rivojlanishi uchun bolaga zarur bo‘lgan jismoniy ehtiyoj hisoblanadi. Bola o‘rtacha olganda bir yarim yoshdan boshlab bir martalik 2,5 — 3 soatga yaqin davom etadigan kunduzi uxlash tartibiga o‘tadi.

Bunday tartib odatda asta-sekinlik bilan uyqu davomining kamayishi bilan 6-7 yoshgacha saqlanib qoladi. Ba’zan bolalar kunduzi uxlashdan ertaroq — 3−4 yoshida voz kechishadi.

Bolaning uxlashiga qanday yordam berish mumkin?

Bolaning krovatchasini qulay va shinam qilib jihozlash juda muhim. Bolaning xotirjam uxlashiga o‘yinchoqlar ham yordam berishi mumkin — masalan, krovatda bola bilan birga “uxlaydigan” qo‘g‘irchoq yoki yumshoq ayiqcha.

Kunduzgi uyquni qachon bekor qilish mumkin?

Bolaning asab tizimi doimiy og‘irliklarni boshdan kechirib endigina rivojlanayotgan bo‘ladi va faqat uyquda to‘liq dam oladi. Yoshi o‘lg‘ayishi bilan uning kunduzgi uyquga bo‘lgan ehtiyoji kamaya boshlaydi. Olti yoshdagi bolalarga bir soatlik uyqu ham yetarli bo‘ladi.

Bolalar ko‘pincha kunduzi uxlashdan bosh tortadi. Bu qiziqarli o‘yindan ajralgisi kelmaganidan yoki ertalab kech uyg‘ongani sababli yuz beradi.

Bola kunduzgi uyqudan qachon bosh torta boshlaydi?

Bolalar kunduzgi uyqudan doimiy ravishda bosh tortishni ko‘pincha uch yoshdan boshlaydilar. Bu yoshda hali kunduzgi uyqu juda zarur bo‘ladi va ota-onalar yaxshisi bolaning kunduzi uxlashni davom ettirishiga harakat qilishlari lozim.

Agar bola kunduzgi uyqudan juda erta bosh tortayotgan bo‘lsa nima qilish kerak?

Agar bola kunduzi uxlamayotgan va bundan hech qanday noqulaylik his qilmayotgan bo‘lsa, unda ota-onalar kunduzi bolaning biroz bo‘lsa ham xotirjam sharoitda dam olib yotishi uchun vaqt ajratishlari kerak. Bunday sokin hordiq kuch yig‘ilishiga va asab tizimining mustahkamlanishiga yordam beradi.

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi
1,5 yoshdan keyin bir martalik tagliklarni ishlatish qanchalik to‘g‘ri?

👶Bir martalik tagliklar(pampers) - bu juda qulay ayniqsa vaqtni tejaydi, lekin onajonlar undan qancha ko‘p foydalansa, bolani tuvakka o‘rgatish shunchalik qiyin bo‘ladi.

O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, pampersda bola tagini ho‘llab qo‘ysa ham, issiq, quruq va eng asosiysi unga noqulaylik tug‘dirmaydi.

Agar siz bolani ishtoncha va polzunkalarga o‘tkazsangiz, u yoqimsiz namlik holatini his qila boshlaydi va tuvakka o‘tirishni o‘rganishi ancha tez bo‘ladi.

👨‍⚕Kaminaning tavsiyasi, 18 oylikdan keyin bir martalik tagliklarni ishlatmaganingiz ma’qul. Bu bilan siz bolangizda yana bir shartli refleksni o‘z vaqtida paydo bo‘lishiga yo‘l ochib bergan bo‘lasiz.

© Doctor Muxtorov

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi
Uy sharoitida kindik yarasini qanday parvarish qilish lozim! (Onalar bilishi zarur)

Kindik yarasi chaqaloqning zaif joyidir, unga infeksiya tushib qolish ehtimoli yuqori, shuning uchun chaqaloqqa malakali parvarish zarur.

Biz Pediatrlar kindikni quyidagi vositalar bilan parvarishlashni tavsiya etamiz:

☑️Vodorod peroksid (3% eritma);
☑️Spirtli suv eritmasi (1% li brilliant yashili);
☑️Moychechak eritmasi.

Muolaja o’tkazish uchun steril paxtali diskchalar, paxtali tayoqchalar, pipetka va salfetka kerak bo’ladi. Tug’ruqxonadan javob berilganda keyin birinchi haftada kindikka kuniga 2 marta(ertalab va kechqurun) ishlov berish tavsiya etiladi. Juda tez-tez parvarish choralari chaqaloqning nozik va sezgir terisida ta’sirlanish keltirib chiqarishi mumkin.

Muolaja chaqaloqni cho’miltirishdan so’ng amalga oshirilishi kerak, cho’miltirish vaqtida esa kindikni moychechak eritmasi bilan yengil yuvish mumkin.
Vodorod peroksid eritmasiga botirilgan paxtali tayoqcha bilan yara joyi yengillik va muloyimlik bilan artib chiqiladi. Agar peroksid ko’pirib, shivillagan ovoz chiqarsa, vahima tushmang, bu infeksiya borgini anglatmaydi, shunchaki kindikda qon qoldiqlari borligidan dalolat beradi, buning xavfli joyi yo’q.

Artib bo‘lingandan keyin, yara joyi paxtali diskcha yoki quruq mato yordamida yaxshilab quruq qilib artib olinishi zarur. So’ng yaraga brilliant yashili eritmasi surtiladi, u yarani quritadi va infeksiyalanish xavfini kamaytiradi. Eritmani surtganda yaraning holati ko’rinadigan bo’lib qolishi kerak. Bundan tashqari, uni haddan tashqari ko’p surtish bolaning terisini kuydirishi mumkin, shuning uchun bu masalada juda ehtiyot bo’lish kerak.

Qachon pediatrga murojaat qilish kerak?

Quyidagi holatlarda Pediatr ko‘rigi juda zarur:

☑️Kindik doimo nam bo’lsa;
☑️Ajralayotgan suyuqlikdan yoqimsiz hid kelsa;
☑️Yara atrofidagi teri qizarib ketsa;
☑️Bola kuchangan paytda kindik kattalashsa;
☑️Kindikdan qon aralash ajralmalar kelsa.

Agar biron bir muammo aniqlansa, darhol bolani pediatr ko‘rigiga olib boring, pediatr yangi tug’ilgan chaqaloqning kindigini qanday parvarish qilish kerakligini batafsil ko’rsatib tushuntirib beradi.

Yosh onalar yuqoridagi muammolarni mustaqil hal qilishlari, internetdan javob topishlari yoki tibbiy mutaxassisligi bo’lmagan dono buvijonlarning maslahatlarini tinglashlari tavsiya etilmaydi.

❗️Esda tuting! Kindik yarasiga infeksiya tushishi sepsisga va boshqa og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin!

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi
Issiqda toshmalar toshsa, qanday chora ko‘rish kerak?

Yoz jaziramasida bolalar va ayrim yoshi kattalar issiqlik toshishidan aziyat chekadi. Bundan kuchli va yoqimsiz qichishish, achishish paydo bo‘ladi. Uni keltirib chiqaruvchi sabablar va davolash usullari haqida quyida to‘xtalib o‘tamiz.

Issiqlik toshishi kuchli terlash va terning sekin bug‘lanishi natijasida paydo bo‘ladi. Issiq kunlarda go‘daklar va yosh bolalarda ko‘proq kuzatiladi. Bola badaniga issiqlik toshishining birinchi sababi uning haddan ortiq isib ketishidir. Ularda tana haroratini muvozanatlashtirib turuvchi markaz yaxshi rivojlanmagani bois, ter teri hujayralarida uzoq vaqt ushlanib qoladi. Oqibatda teri hujayralari ta’sirlanib, toshmalar toshadi.

Kattalarda esa o‘tkir yuqumli kasalliklarda isitmalash va qattiq terlash natijasida, semiz kishilarga isituvchi kom­press qo‘yilganda ham issiqlik toshishi mumkin.

Issiqlik badanning yopiq joylariga — bolalarda ko‘pincha orqa, bo‘yin terisiga, qo‘ltiq ostidagi teri burmalariga, bosh, yelka, qo‘l-oyoqlarning ichki sohasiga, kattalarda ko‘pincha ko‘krak bezlari tagidagi teri burmalari, chov-yorg‘oq burmalari va qo‘ltiq ostiga yoyilib yoki to‘p-to‘p bo‘lib toshadi. Toshmalar ichida tiniq suyuqligi bo‘lgan pufakchalardan iborat bo‘lib, kattaligi to‘g‘nag‘ich boshchasidek keladi. Ba’zida bir-biriga qo‘shilib ketadi. Davolamay o‘tkazib yuborilganda esa yiringlab turuvchi joylar (ayniqsa, teri burmalarida) hosil bo‘ladi.

Badanga issiqlik toshishi kasallik emas. Shu bois bolaning umumiy ahvoli o‘zgarmaydi, isitma, bezovtalik kuzatilmaydi. Toshmalar kun davomida tashqi muhit haroratiga bog‘liq holda ko‘payishi yoki kamayishi mumkin.

💊Davolash
Issiqlik toshishiga shifokor tavsiyasiga ko‘ra davo qilinadi. Qizib ketishga olib keladigan omillarni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega. Ko‘proq ochiq havoda bo‘lish, xonani tez-tez shamollatib turish foydalidir. Bunday vaziyatda sintetik matodan tikilgan kiyim kiyish tavsiya etilmaydi.

❗️Oldini olish
Issiqlik toshishi oldini olish uchun terlashga qarshi kurashish maqsadida bemor terisini toza saqlab, ichki kiyimlarini tez-tez almashtirib turishi, issiq kunda tabiiy matolardan tikilgan kiyimlar kiyishi maqsadga muvofiq. Bolalarni haddan tashqari issiq kiyintirish, ortiqcha o‘rab-chirmash yaramaydi. Ularga muntazam ravishda havo va suv vannalari qabul qildirib turish foydali.

Foydali tavsiyalar:
1️⃣bolaga paxta matodan kiyim kiydiring;
2️⃣yoz oylarida bolalar tagliklaridan kamroq foydalaning;
3️⃣toshma toshgan sohalarni nam latta bilan artib oling;
4️⃣yozda iloji boricha farzandingizni har kuni cho‘miltiring;
5️⃣bolani imkon qadar ertalab va kechqurun tashqarida ko‘proq sayr qildiring;
6️⃣toshma toshgan sohalarga malhamlar va losonlar surmang;
7️⃣bolaning shaxsiy gigiyenasiga e’tibor qiling;
8️⃣bola yotadigan xonani har kuni shamollatib turing, xona harorati +25 darajadan oshmasligi kerak;
9️⃣bolaning teri burmalariga tez-tez e’tibor bering.

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi
Chaqaloqqa qancha suv ichirish kerak?

Butunjahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra ko‘krak suti balan parvarishlanayotgan bolalar 6 oylik bo‘lgunlaricha ularga suv ichirmasa ham bo‘ladi. Chunki barcha kerakli suyuqlikni go‘dak ona sutidan oladi. Sun’iy aralashmalar berib boqilayotgan bolaga ovqatlanishlar oralig‘ida 20-30 millilitr (bir oshqoshiq) suv berish mumkin.

Ko‘pchilik onalar “Chaqaloqqa qancha suv ichirish kerak?” deb so‘rashadi. Aytish joizki, bunda go‘dak organizmining suvga ehtiyoji ham hisobga olinadi. Demak, sog‘lom go‘dakka suvni majburlab ichirish kerak emas. O‘zi qancha hohlasa shuncha ichsin, lekin me’yordan oshmasin. Ovqatlantirish o‘rniga suv berish ham noto‘g‘ri. Bola ochlik va chanqoq hissini adashtirmasligi lozim.

Issiq kunlarda bolaga suvni faqat ovqatlantirishlar oralig‘ida, ya’ni kun davomida bir oylik chaqaloqlarga 60 millilitr (uch qoshiq)dan, 3 oylikkacha bo‘lganlariga 60-130 millilitr (3-6 oshqoshiq)dan, yarim yoshgacha 130-180 millilitr (6-12 oshqoshiq)dan, 6 oylikdan 1 yoshgacha 260 millilitr (1 stakan)dan ko‘p suv bermaslik kerak. Bolaga beriladigan suv toza, uzoq turib qolmagan, gazsiz bo‘lishi kerak.

Bola salomatligida ayrim muammolar bo‘lganida pediatr bilan maslahatlashgan holda unga giyohli choylar ichirish ham mumkin. Bunda bolaning yoshiga bog‘liq ko‘rsatmalarga amal qilish lozim.

Kanalga ulanish👉@Bolajon_parvarishi