Huquqiy targ`ibot
7.78K subscribers
1.84K photos
560 videos
11 files
2.38K links
Ichki ishlar organlariga oid yangi normativ-huquqiy hujjatlar, islohotlar va boshqa soha faoliyatiga doir yangiliklar hamda tezkor ma'lumotlar taqdim etuvchi kanal.

Savol va maslahatlar - @Htargibot_bot
Instagram - instagram.com/iiv_huquqiy_targibot
Download Telegram
#Qonun

⚖️Oilaviy zo'ravonlikka jinoiy javobgarlik belgilandi

🔰Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, —

BHM 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O'zbekiston Respublikasining (11.04.2023-y.)
O'RQ—829-son
Qonunidan

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun #Dolzarb

⚡️Ma’muriy jarimalarga 50 foiz chegirma qo‘llaniladi

Ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan MJtKga o‘zgartish kiritish bo‘yicha Qonun (O‘RQ–830-son, 18.04.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi

🔰Unga ko‘ra, huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 % yoki 30 kun ichida jarima miqdorining 70 % ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.

🔘 Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:
🔹Kodeksning 131, 132, 136 va 140-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda;

🔹jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;

🔹huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilganda.

📆Qonun 2023-yil 1-maydan e’tiboran kuchga kiradi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaslikka daʼvat qilganlik javobgarlikka sabab boʻladi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ–832, 25.04.2023-y.) bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi

🔰 Shunga koʻra:
🔸 DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchisining huquqbuzarliklarni toʻxtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, koʻrsatilgan muddatda DXX Chegara qoʻshinlari boʻlinmalariga (huquqni muhofaza qiluvchi organlarga) borish yoki ushbu boʻlinmalarda hozir boʻlish toʻgʻrisidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, transport vositasini toʻxtatish, jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchisining qonuniy talablariga boshqacha tarzda boʻysunmaslik –

🔸BHMning 1 baravaridan 12 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

☑️ Shuningdek:
🔹DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchisining oʻz xizmat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda daʼvatlar qilish, xuddi shuningdek DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilariga ommaviy ravishda boʻysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bila turib soxta uydirmalarni tarqatish –

🔹BHMning 3 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Ozarbayjon Respublikasi bilan harbiy hamda harbiy-texnikaviy sohalarda hamkorlik qilinadi

🔰 Prezident tomonidan imzolangan qonunlar (OʻRQ–834-son, OʻRQ–835-son, 28.04.2023-y.) bilan quyidagi bitimlar ratifikatsiya qilindi:

🇺🇿🇦🇿Oʻzbekiston hamda Ozarbayjon Respublikasi Hukumatlari oʻrtasida harbiy sohada hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim (Toshkent, 2022-yil 21-iyun);

🇺🇿🇦🇿 Oʻzbekiston hamda Ozarbayjon Respublikasi Hukumatlari oʻrtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim (Toshkent, 2022-yil 21-iyun).

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Mehnat munosabatlarini himoya qilishga oid Jeneva Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi

Prezident tomonidan imzolangan qonun (O‘RQ–840, 06.05.2023-y.) bilan Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasi (Jeneva, 1977-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilindi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

❗️Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi

”O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–838-son, 06.05.2023-y.) Prezident tomonidan imzolandi

🔰 Jumladan, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:

➡️ Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli.

📝O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra:

🔹 og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar Viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zosi bo‘lishi mumkin emas;

🔹 Prezident muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda 2 oy ichida o‘tkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi;

🔹 Qonunchilik palatasi Prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda 3 oy ichida o‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasi tomonidan o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda 2 oy ichida o‘tkaziladi;

🔹 Senat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Senat a’zolarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda 3 oy ichida o‘tkaziladi.

📆Senat tomonidan o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Senat a’zolarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda 1 oy ichida o‘tkaziladi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Milliy gvardiya xodimlarining ma’muriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqishdagi vakolatlari kengaytirildi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan (OʻRQ-842, 12.05.2023 y) Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirishlar kiritildi.

🔰 Shunga koʻra, Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni olib yurish, voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga, gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish kabi ma’muriy huquqbuzarliklar boʻyicha ishlarni koʻrib chiqish, bayonnomalar tuzish va ularni koʻrib chiqish uchun sudga yuborish boʻyicha qoʻshimcha vakolatlar berildi.

📣Ushbu Qonun e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️O'zbekiston va Qozog'istondagi mahkumlar jazoni o'z vatanida o'taydi

Prezident tomonidan "O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi Shartnoma (Nur-Sulton, 2021-yil 6-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida" (OʻRQ-839, 06.05.2023-y.) Qonun imzolandi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Tadbirkorlarning bankdagi pul mablag‘larini noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilandi

Prezident tomonidan imzolangan qonun (O‘RQ–841-son, 10.05.2023-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.

☑️ Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6 mln 600 ming so‘mdan 13 mln 200 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

➡️ Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:

▫️BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;
▫️3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
▫️300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
▫️3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
▫️3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

🔰 O‘sha harakatlar:
🔹 ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
🔹 bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

🔰 O‘sha harakatlar:
🔹 juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
🔹 uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Donalab sigaret sotish mumkin emas

Prezident tomonidan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–844-son, 24.05.2023-y.) imzolandi

🔢 Qonun bilan alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish bilan bog‘liq munosabatlar, shuningdek sohaga mas’ul organlarning vakolatlari belgilandi.

🚫 Qonunga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlarini quyidagi holatlarda realizatsiya qilish (sotish, sotib olish va h.k.) taqiqlanadi:

🔸21 yoshga to‘lmagan shaxslarga va ular tomonidan;
🔸sotuvchining bevosita ishtirokisiz, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish tokchalaridan, elektron tijorat shaklida;
🔸sayyor savdo qilish yo‘li bilan, ko‘chmas savdo obyektlaridan tashqarida, dorixonalarda;
🔸bolalarga mo‘ljallangan tovarlar sotiladigan xonalarda;
🔸bolalar o‘yinchoqlariga, konfetlarga yoki bolalar uchun mo‘ljallangan boshqa tovarlarga o‘xshatib ishlangan bo‘lsa;
🔸sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, sport inshootlari, sanatoriy hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududlarida;
🔸ta’lim, sport va diniy tashkilotlardan 100 metrdan kam masofada joylashgan savdo obyektlarida;
🔸yaroqlilik muddati o‘tganda, mahsulot sifatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarsiz;
🔸donalab yoki ochilgan (yaxlitligi buzilgan), iste’mol o‘rovida (qutisida) sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulotiga nisbatan.

📌 Alkogol mahsulotlarini ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bog‘larda, barcha turdagi jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida iste’mol qilish taqiqlanadi.

☑️ Chilim chekish uchun maxsus ajratilgan joylar faqat chilim berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladigan, ventilyatsiya tizimlari bilan jihozlangan alohida ajratilgan binolar, inshootlar va obyektlarda tashkil etilishi mumkin.

Alkogol mahsulotlarining iste’mol idishida yorliq asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

🇺🇿🇰🇿Qozog'iston bilan chegarani belgilashga oid shartnoma ratifikatsiya qilindi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O'RQ–849-son, 30.06.2023 y.) bilan O'zbekiston Respublikasi bilan Qozog'iston Respublikasi o'rtasida O'zbekiston – Qozog'iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to'g'risidagi Shartnoma (Toshkent, 2022 yil 22 dekabr) ratifikatsiya qilindi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya ekologiya sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqadi

“Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ-854, 11.07.2023-y) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi hamda "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Milliy gvardiya hamda ichki ishlar organlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohadagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha choralar ko‘rishi belgilandi.

▶️ Shuningdek, Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar sodir etgan aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha Milliy gvardiya va ichki ishlar organlariga vakolatlar berishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

📌 Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️O'zbekiston Pokiston bilan harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik qiladi

"O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Respublikasi Hukumati o'rtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik to'g'risidagi Bitimni (Islomobod, 2022-yil 3-mart) ratifikatsiya qilish haqida" O'zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Ichki ishlar organlariga yana bir vakolat berildi

"Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to'g'risida"gi Qonunga o'zgartirishlar kiritildi.

🩺Unga ko'ra, ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to'g'risidagi materiallarni rasmiylashtirish vakolati berildi.

🔖Shuningdek, Qonunda ushbu materialllarni tayyorlash tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi normalar belgilandi.

❗️Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Sudlarga yangi instansiya bosqichi kiritildi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan qonunga asosan sudlarda apellatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rish tartibi belgilandi.

➡️Shuningdek, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha vakolatlar viloyat sudlariga va ularga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazildi.

Yuqori sudlar tomonidan sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi instansiya sudlariga yuborish amaliyoti tugatildi.

❗️Qonun 2024-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo'lib yashashni targ'ib qilganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi

Prezident tomonidan imzolangan qonun (O'RQ–874-son, 31.10.2023-y.) bilan Jinoyat hamda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodekslarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi

🔰Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilgan o'zgartirishga ko'ra:

🔸 Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o'rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so'mdan 9 mln 900 ming so'mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.

🔸Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo'lib yashashni targ'ib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g'oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek bunday xatti-harakatlarni rag'batlantirish BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo'ladi.

🔸Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to'sgan holda bo'lish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.

Tibbiy ko'rsatmaga asosan yoki yo'l-transport harakatida xavfsizlikni ta'minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh kiyimda yoxud mehnat va xizmat faoliyati bilan bog'liq hollarda yuzini to'sgan holda bo'lish yoki sport va madaniy tadbirlarni o'tkazish vaqtida ushbu tadbirlar ishtirokchilarining yuzini to'sgan holda bo'lishi, shuningdek qonunchilikda to'g'ridan-to'g'ri ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini to'sgan holda bo'lish bundan mustasno.

🔸Jins bo'yicha kamsitishni targ'ib qilish, shu jumladan xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g'oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, xuddi shuningdek bunday xatti-harakatlarni omma oldida oqlash va (yoki) rag'batlantirish BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.

📌Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️O'simliklarni himoya qilish to'g'risida qonun qabul qilindi

O'simliklarni himoya qilish to'g'risida”gi Qonun (O'RQ–877-son, 09.11.2023-y.) Prezident tomonidan imzolandi

🔰Qonunga muvofiq, O'zbekistonda ishlab chiqariladigan yoki boshqa mamlakatlardan olib kelinadigan kimyolashtirish vositalari va o'simliklarni himoya qilish vositalari ro'yxatga olinishi lozim.

🧾 Ro'yxatga olish Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi O'simliklar karantini va himoyasi agentligi (maxsus vakolatli davlat organi) tomonidan o'tkazilgan sinovlar natijalari asosida amalga oshiriladi.

🗓 Kimyolashtirish vositalari va o'simliklarni himoya qilish vositalari 5 yil muddatga ro'yxatga olinadi.

Ro'yxatga olish uchun sinovlarni o'tkazish muddati 2 yildan oshmasligi kerak.

➡️ O'simliklarni himoya qilish bo'yicha shoshilinch choralar ko'rilishini talab qiluvchi holatlar mavjud bo'lgan taqdirda, ro'yxatdan o'tkazilmagan o'simliklarni himoya qilish vositalarini 1 yilgacha muddatda tajriba tariqasida qo'llashga yo'l qo'yiladi.

🚫 Kimyolashtirish vositalari va o'simliklarni himoya qilish vositalarini faqat maxsus omborxonalarda yoki maxsus xonalarda saqlashga yo'l qo'yiladi. Ularni maxsus idishsiz saqlash taqiqlanadi.

❗️Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran 3 oy o'tgach kuchga kiradi.

@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

⚡️Davlat bayrog‘idan yashash joylarida va transport vositalari salonlarida foydalanish mumkin.

"O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to'g'risida"gi qonuniga bir qator o'zgartirishlar kiritilgan.

🇺🇿Unga ko'ra, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatni ta’minlagan holda, undan jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanilishi mumkin.

#iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

❗️2024-yilning Davlat byudjeti tasdiqlandi

“2024-yil uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to'g'risida”gi Qonun (O'RQ–886, 25.12.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi

🔰 Qonun bilan 2024-yil uchun O'zbekistonning konsolidasiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog'liq munosabatlar tartibga solindi.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy va davlat dasturlariga ajratiladigan grant mablag'larining belgilangan miqdorlari Qonunga o'zgartish kiritilmasdan ko'paytiriladi.

☑️ O'zbekiston byudjet tizimi byudjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari bo'yicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud bo'lmagan hollarda:

🔹 respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;

🔹 3 foizdan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

🧾 O'zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog'ozlarining cheklangan sof hajmi 25 trln so'm miqdorida belgilandi.

➡️ 2024-yil uchun O'zbekiston konsolidasiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 4 foizi miqdorida belgilandi.

🔰 Qonunga ko'ra, jumladan soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar byudjetlariga to'liq hajmda o'tkaziladi:

▫️jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig'i;
▫️jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig'i;
▫️mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to'g'risidagi deklarasiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan to'lanadigan, shuningdek YATTlar tomonidan to'lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i;
▫️suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to'lanadigan soliq mustasno;
▫️noruda qurilish materiallari bo'yicha yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq.

Qonun 2024-yil 1-yanvardan e'tiboran kuchga kiradi.

Kanalga ulanish👇👇👇
@iiv_huquqiy_targibot
#Qonun

‼️O'zbekiston va Eron o'rtasida mahkumlarni topshirish haqidagi qonun qabul qilindi.

O'zbekiston Respublikasining 2024-yil 17-apreldagi "O'zbekiston Respublikasi Eron Islom Respublikasi o'rtasida mahkumlarni topshirish to'g'risidagi shartnomani (Tehron, 2023-yil 18-iyun) ratifikatsiya qilish haqida"gi O'RQ-924-son qonuni qabul qilindi.

@iiv_huquqiy_targibot